INGLIZ VA O‘ZBEK MEDIADISKURSIDA YANGI ONOMASTIK BIRLIKLARNING NOMINATIV MODELLARI
Abstract
Maqolada ingliz va o‘zbek mediadiskursida yangi onomastik birliklarning shakllanishiga xos nominativ modellar chog‘ishtirma yo‘nalishda tahlil qilinadi. Asosiy e’tibor yangi nomlarning struktur tuzilishi, referensial xususiyati, semantik motivatsiyasi va mediadiskursdagi funksional faolligiga qaratiladi. Ingliz mediadiskursidagi Grexit, Dieselgate, Obamacare, Trumponomics kabi birliklar teleskopiya, analogik modellashtirish va antroponimik nominatsiyaning mahsuldorligini namoyon etadi. O‘zbek mediadiskursida faol qo‘llanayotgan Tashkent City, Silk Road Samarkand, Boqiy shahar, New Uzbekistan University kabi nomlarda esa ko‘p komponentli nominatsiya, proprializatsiya, gibrid nomlash va yangi referentning institutsional individuallashuvi muhim o‘rin egallaydi. Tahlil yangi onomastik birlikning neologik xususiyati faqat yangi leksik shaklning yuzaga kelishi bilan belgilanmasligini ko‘rsatadi. Til tizimida mavjud bo‘lgan birliklarning yangi individual referent bilan barqaror munosabatga kirishishi ham nominativ innovatsiyaning muhim mexanizmi hisoblanadi. Ingliz va o‘zbek mediadiskursidagi nominativ modellar tilning struktur imkoniyatlari bilan bir qatorda kommunikativ ehtiyoj, media janri, institutsional muhit va ijtimoiy-madaniy kontekst ta’sirida shakllanishi aniqlanadi.